Osiyo Chempionatining chorak finalida turgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi bugun — 8-fevral kuni yarim final yo‘lida saf tortadi. Raqib — Vyetnam termasi.

Foto: O‘FA

Guruh bosqichini “A” zonasida o‘tkazgan vyetnamlik futzalchilar 6 ochko bilan peshqadam bo‘la olgandi. Ular ilk turda kutilmaganda Malayziyaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi — 1:2. Keyinroq Bahrayn shu hisobda mag‘lub etildi va so‘nggi turda mezbon Xitoy Taypeyi 3:1 hisobi bilan mahf qilindi. Vyetnamni taslim qila olgan malayziyalik futbolchilar guruh bosqichini 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinda yakunladi.

O‘zbekiston terma jamoasi ham guruh bosqichida 6 ochko to‘pladi. Janubiy Koreya ustidan 13:2 hisobida zafar quchgan futzalchilar, keyinroq Tojikistondan ustun keldi — 4:2. So‘nggi tur esa Yaponiyaga imkoniyat boy berildi — 2:4. Bu natija peshqadam bo‘lish uchun kamlik qildi.

O‘zbekiston — Vyetnam o‘yini Toshkent vaqti bilan 16:00 da start oladi va Sport-TV kanalida jonli namoyish etiladi. Parallel o‘yinda Yaponiya futzalchilari Bahrayn bilan kurash olib boradi. Shuningdek, 13:00 da chorak finalning yana ikki o‘yini bor. Unda Eron Tailandni sinovdan o‘tkazsa, so‘nggi juftlikda Livan va Iroq termalari o‘zaro hisob-kitob qiladi.