Joriy yilning 6-fevral kuni “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi Badiiy kengash a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibidan jami 7 ta masala o‘rin oldi, deya xabar beradi agentlik matbuot xizmati.

Foto: “O‘zbekkino” agentligi matbuot xizmati

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar:

  1. Rejissor Hilol Nasimovning “Yovqurlar” nomli badiiy filmi rejissorlik ssenariysi muhokamasi – film ssenariyi ma’qullandi;
  2. Mualliflar Madina Mo‘minova va Rustam Sa’diyevlarning “Baron-2” nomli ikki qismli badiiy filmga mo‘ljallangan adabiy ssenariy loyihasi taqdimoti — film ishlab chiqarishga tushirildi;
  3. Muallif Jasur Is’hoqovning rus tilidagi “Pod nebom yedinim” nomli ikki qismli hujjatli filmga mo‘ljallab yozilgan ssenariysi muhokamasi — film ishlab chiqarishga tushirildi;
  4. Rejissor G‘iyos Shermuhammedovning “Navoiy anjumani” nomli hujjatli filmi rejissorlik ssenariysi muhokamasi — film ishlab chiqarishga tushirildi;
  5. Muallif B.Madiyarovning “Mo‘ynoq — do‘stlik o‘lkasi” nomli ikki qismli hujjatli filmga mo‘ljallab yozilgan adabiy ssenariysi muhokamasi — film ishlab chiqarishga tushirildi;
  6. Muallif Olimjon Davlatovning “Navoiy vorislari” nomli hujjatli film sinopsisi muhokamasi – filmni ishlab chiqarish uchun tayyorgarlik ko‘rishga ruxsat berildi;
  7. Muallif S.Rustamning “Kenja botir-2” nomli multfilmga mo‘ljallab yozilgan adabiy ssenariyining qayta ishlangan varianti muhokamasi – film ishlab chiqarishga tushirildi.

Badiiy kengash a’zolari ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.

Jumladan, “Baron-2” filmi loyihasiga taniqli chet ellik kinoaktyorlarning jalb etilayotgani, filmning o‘zini esa bir qator xorijiy mamlakatlar hududida tasvirga olish ko‘zda tutilayotgani e’tirof etilib, ijodiy guruhga ssenariydagi ayrim juz’iy kamchiliklar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Rejissor Rustam Sa’diyev mazkur loyiha ilk “Baron” filmi kabi tomoshabinlar ko‘nglidan joy olishiga va xalqaro miqyosda ham nom qozona olishiga umid bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyiha uchun Buyuk Britaniya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Suriya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlardan aktyorlar taklif etilishi rejalashtirilmoqda.