6-fevral kuni Space X asoschisi Ilon Mask koinotga birinchi marta dunyodagi eng og‘ir eltuvchi raketa — Falcon Heavy’ni uchirdi, deb yozadi TJournal. Raketa bortiga tadbirkorning shaxsiy sportkari Tesla Roadster’ni joylashtirishdi.

Foto: TJournal

Raketa muvaffaqiyatli uchdi, ikkita tezlashtiruvchi esa ajralib, Yerga qaytib keldi.

Falcon Heavy Toshkent vaqti bilan 7-fevral kuni 01:45 atrofida Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan Kennedi nomidagi markaz kosmodromidan start oldi.

Avtomobilning parvozini bir nechta kamera to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda tasvirga oldi. O‘z orbitasiga yetib borgach, Tesla koinotda mustaqil sayohat qilish uchun qoladi. Mashina Marsga borib tushmaydi, ammo vaqti-vaqti bilan goh unga, goh Yerga yaqin keladi.

Bu sinov parvozi bo‘lgani tufayli, Falcon Heavy missiyasi shunchaki namoyish uchun bo‘ldi: raketaning ish qobiliyatini tekshirish kerak edi.