XXIII bor tashkil etilayotgan qishki Olimpiada o‘yinlarida ikki sportchi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. MOQ rahbariyati yirik sport festivalning ochilish marosimida mamlakat bayrog‘ini Komil To‘xtayevga ishonib topshirdi.

Foto: “Olamsport”

Umid Ahmadjonov Pxyonchxan qishki Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga yetib keldi

Kecha — 6-fevral kuni Pxyonchxan shahriga jo‘nab ketgan To‘xtayev “Olamsport” nashriga intervyu berib, Olimpiadada munosib ishtirok etishga va’da bergan. Slalom va gigant slalomda ishtirok etadigan sportchining fikricha, uning imkoniyati ikkinchi tur — gigant slalomda ko‘proq.

Otam tog‘ chang‘isi bo‘yicha Sobiq Ittifoqda sport ustasi bo‘lgan. Shuning uchun ham ikki yoshimdan beri chang‘i nimaligini bilaman. 12 yoshimdan professional mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshlaganman.

Bugungi kunda Ivan Vakulenko qo‘l ostida shug‘ullanyapman. Olimpiadaga aynan ushbu murabbiy qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rdim. Dastlab jismoniy tayyorgarlik ustida ishladik. Oktabr oyida esa qorli hududga yo‘l oldik. U yerda fransiyalik murabbiy qo‘l ostida mashg‘ulotlar o‘tkazdim. So‘ng sportchilarning xalqaro lageriga borib, bir oy shug‘ullandim. Lagerda Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikistondan sportchilar bor edi. Birga mashg‘ulot o‘tkazdik. Orada Italiya, Xitoy mamlakatlarida o‘tgan musobaqalarda qatnashdik. 22—24-yanvar kunlari Qirg‘izistonda o‘tgan xalqaro Orlovka Cup musobaqasida sovrindor bo‘ldim.

Komil To‘xtayev, tog‘ chang‘ichisi

Foto: “Olamsport”

Sportchi ikki yil avval Janubiy Koreyaning qorli trassalarida o‘tgan Osiyo Chempionatida ishtirok etgan. Shuning uchun ham Pxyonchxan haqida yaxshi tasavvurga ega. Ayni paytda To‘xtayev Olimpiadada sovrindor bo‘lish uchun bor kuchini berishini aytgan.

Foto: “Olamsport”

Bizda iqtidorli sportchilar ko‘p. Ular musobaqalarda yaxshi ishtirok eta oladi. Faqatgina ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. Agar e’tibor kuchayadigan bo‘lsa, yigitlarimiz yaxshi natijalar qayd eta oladi. Bizda sportning ushbu turi bilan shug‘ullanishni istovchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Muammo shundaki, bu qimmat sport turlaridan biri hisoblanadi. Bu borada menga otam yordam bergan. Yaxshi moslamalar bo‘lmasa, sizni startga qo‘yishmaydi. Shuning uchun ham musobaqalarga tayyorlanayotganda barcha talablarga javob beradigan inventarlarni sotib olamiz.

Komil To‘xtayev, tog‘ chang‘ichisi

Pxyonchxan—2018. O‘zbekistonlik sportchilarning chiqishlari qaysi sanalarga to‘g‘ri kelishi ma’lum