Fransiyaning mashhur L'Equipe nashri futbol bo‘yicha mamlakat chempionatida eng katta maosh olayotgan futbolchilar o‘nligini chop etdi. Ro‘yxatni “Barselona”dan rekord narx evaziga sotib olingan Neymar boshqarib turibdi.

Foto: Google Images

222 million evaziga Kataloniyani tark etgan braziliyalik hujumchi “PSJ” rahbariyatidan har hafta 708 ming yevro qabul qilib oladi. Uning ikki haftalik maoshi salkam 1,5 million yevroga teng — bu esa fransiyaliklar uchun fantastik summa demakdir.

Qizig‘i, maoshi bo‘yicha Neymardan keyin ikkinchi bo‘lib turgan Edinson Kavanining haftalik kirimi deyarli ikki barobarga kamroq — 355 ming yevro.

Kuchli o‘nlikka “Monako”dan faqatgina Radamel Falkao kira oldi. Uning haftalik maoshi 173 ming yevro va bu borada Falkao 9-o‘rinda qayd etilgan. 10 talikning qolgan barcha a’zosi “PSJ” safida to‘p tepayotgani diqqatga sazovor.

Mos ravishda Kilian Mbappe haftasiga 346 ming, Tyago Silva 300 ming, Anhel Di Mariya 258 ming, Markinyos 258 ming, Tyago Motta 202 ming, Xavyer Pastore 178 ming, Dani Alvesh 162 ming yevro maosh ishlab topmoqda.