Amerikaning Florida shtatidan bo‘lgan ota-ona xayriya pullarini yig‘ish maqsadida o‘z o‘g‘lini miyangda saraton bor deya sakkiz oy aldab keldi, deb xabar bermoqda The New York Post.

Foto: Miami Herald

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, Jinni Long va Robert Long 1-fevral kuni hibsga olingan. Ular bolalarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lish va ta’magirlik ayblovlari qo‘yilgan.

Miami Herald’ning yozishicha, ota-ona o‘z farzandiga qo‘yilgan tashxisni o‘tgan yilning may oyida o‘ylab topgan. Ular o‘g‘liga miyasida saraton borligini va u Rojdestvo bayramiga qadar o‘lishini aytgan. Bundan tashqari ular o‘g‘li o‘qiydigan maktabda xayriya futbolkalarini sotishni yo‘lga qo‘ygan va GoFundMe’da kraudfanding akkauntini ochgan.

Tergov ishlari o‘tgan yilning noyabrida, mazkur juftlik o‘z farzandida mavjud bo‘lmagan kasallik sababli pul ishlashda gumon qilingani sabab boshlangan. Tekshiruvlar sakkiz oy davomida o‘limga tayyorlangan bolakayda saraton yo‘qligini aniqladi.