O‘z tarixida uchinchi bor WSB musobaqasida ishtirok etadigan Uzbek Tigers jamoasi bugun — 5-fevral tongida Moskva orqali Kubaga yo‘l oldi.

Foto: O‘BF

Kubada o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari Cuba Domadores jamoasiga qarshi janglar o‘tkazadi. Mazkur klub WSB musobaqasida ikki bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikki marta vitse-chempion maqomiga ega chiqqan. Joriy mavsumda ham kubaliklar g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi.

Uzbek Tigers tarkibi ancha yosharganini ko‘rish mumkin. Hozirgacha Murod Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Fazliddin G‘oibnazarov, Rustam To‘laganov kabi charm qo‘lqop ustalari O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan professional boksga tayyorlab berildi. “Daryo”ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, tez orada ular safiga Elnur Abduraimov ham qo‘shiladi. Bokschi ayni paytda askarlik burchini bajarayotgani uchun, mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmayapti.

Quyida Kubaga yo‘l qolgan tarkib a’zolari ko‘rsatilgan. Bahodir Jalolovni aytmasa, qolgan barcha bokschilar yangi yetishib chiqayotgan avlod vakillari hisoblanadi. Jumladan, Xudoynazar Fayzov hamda Shunqor Abdurasulov bungacha WSB musobaqasida jang qilib ulgurmagandi. Ular ilk bor bu turnirda debyut qiladi. Qayd etish kerak, Xudoynazar Fayzov o‘zining ilk xalqaro musobaqasini India Open’da o‘tkazib, oltin medalga ega chiqqandi.

Hindiston “ishg‘ol etildi”. O‘zbekistonlik bokschilar Indian Open’ni kutilganidek 1-o‘rinda yakunladi

Uzbek Tigers

  • -52 kg: Xudoynazar Fayzov
  • -60 kg: Shunqor Abdurasulov
  • -69 kg: Mahmud G‘oipov
  • -81 kg: Madiyor Saidrahimov
  • +91 kg: Bahodir Jalolov

Elnur Abduraimov hamda Shahram G‘iyosov o‘rnini mos ravishda Shunqor Abdurasulov va Mahmud G‘oipov bosishi kerak. WSB musobaqasida 18 yoshga to‘lmagan bokschilar ishtirok eta olmaydi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston boks federatsiyasi 18 yoshni qarshi olgan sportchilarni hech ikkilanmay safga kiritdi. Bu kabi musobaqalar yosh bokschilarni katta musobaqalarga toblab beradi.

Cuba Domadores klubiga qarshi jang 10-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Uzbek Tigers hozirgacha mazkur jamoa bilan ketma-ket ikki yil to‘qnash kelgan bo‘lib, umumiy hisobda har ikkisida ham mag‘lub bo‘lgan. Birinchi mavsum tomonlar yarim finalda to‘qnash kelgan bo‘lsa, o‘tgan mavsum chorak finalda uchrashishgandi. Uzbek Tigers bir yil avval Cuba Domadores ustidan Samarqand amfiteatrida zafar quchishga erishgandi.

Kubaga jo‘nab ketgan tarkib C2 guruhi a’zolari hisoblanadi. Termiz mezbonlik qiladigan javob janglarida C1 vakillari ringga ko‘tariladi.

Uzbek Tigers. WSB uchun tarkib aniq. Bu yil Shahram G‘iyosov va Murod Ahmadaliyev yo‘q. Hasanboy Do‘stmatov esa safda