9—25-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan XXIII qishki Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini ikki sportchi himoya qiladi. Bugun — 4-fevral kuni ularni Olimpiadaga mezbonlik qilayotgan Pxyonchxanga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozdi MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ

O‘zbekistonlik sportchilar figurali uchish va tog‘ chang‘isida medallar uchun kurash olib boradi. Figurali uchishda Misha Ge muzga chiqsa, tog‘ chang‘isida Komil To‘xtayev ishtirok etadi. Olimpiadaning ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini Komil To‘xtayev ko‘tarib chiqadi.

Juda xursandman. Olimpiadaga borish uchun sharoit yaratib bergan qishki sport turlari assotsiatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman. Menga bildirilayotgan ishonchi oqlayman deb umid qilaman.

Komil To‘xtayev, tog‘ chang‘ichisi

Foto: MOQ

Komil To‘xtayev Italiya mezbonlik qilgan xalqaro musobaqada Olimpiadaga yo‘llanma yutib olgandi. Misha Ge esa Finlyandiyadagi Jahon Chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Olimpiada litsenziyasiga ega chiqqan.

Sportchilarni kuzatish marosimida MOQ bosh kotibi Jasur Matchonov ishtirok etib, ehtimoliy medallar tashkilot tomonidan rag‘batlantirilishini aytib o‘tdi. MOQ birinchi vitse-prezidenti Oybek Qosimov esa kelgusida qishki Olimpiada o‘yinlariga bo‘lgan e’tibor bundan ancha katta bo‘lishini ta’kidladi. Chunki O‘zbekistonda qishki sport turlariga tegishli bo‘lgan alohida 4 ta federatsiya ish boshlaydi: xokkey, figurali uchish, tog‘ chang‘isi, snoubord va kyorling.

Foto: MOQ

Pxyonchxan Olimpiadasida o‘zbekistonlik hakam Saodat Numanova ham bor. U figurali uchish bahslarida hakamlik vazifasini bajaradi.

Foto: MOQ

MOQ matbuot xizmatining xabar berishicha, qishki Paralimpiadada Yoqutxon Xolbekova chang‘i poygasida ishtirok etadi. Paralimpiada 8—18-mart sanalari oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.

Foto: MOQ