Amerikalik astronomlar birinchi marta Somon yo‘lidan tashqarida ekzosayyoralarni aniqladi. Kashfiyot haqidagi ma’lumot Astrophysical Journal Letters jurnalida chiqdi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
2018-yil fevral holatiga ko‘ra Somon yo‘li galaktikasidan tashqarida 3728 sayyora aniqlangan. 622 tizim bitta va undan ortiq sayyoradan tashkil topgan.
Ekzosayyoralar gravitatsion mikrolinzalash yo‘li bilan aniqlandi. Oklaxoma universiteti olimlari Chandra rentgen observatoriyasi yordamida Yerdan 6 milliard yorug‘lik yili naridagi RX J1131–1231 olis kvazarini kuzatdi. Bu kvazar nuri o‘z yo‘lida bizga yaqinroq, 3,8 milliard yorug‘lik yili uzoqlikdagi galaktika tufayli sinadi, shu bois Yerda kvazarning biryo‘la to‘rt tasviri ko‘rinadi.
To‘rt tasvirdan uchtasining rentgen shaklini tahlil qilar ekan, olimlar spektrdagi chiziqlarning kutilmagan shaklda buzilishini kuzatdi, bu linza vazifasini bajaruvchi galaktikada ko‘p miqdorda sayyora borligi bilangina tushuntirilishi mumkin edi.
“Bu galaktika bizdan 3,8 milliard yorug‘lik yili narida joylashgan, bu sayyoralarni hatto eng yaxshi teleskoplar yordamida ham bevosita ko‘rish imkoniyati yo‘q”, — tushuntiradi maqola mualliflari.
Matematik hisob-kitoblar linza-galaktikadagi sayyoralar massasi va yoyilish darajasini aniqlash imkonini berdi. Olimlarning fikricha, u yerda bitta yulduzga Marsdan og‘irroq, Yupiterdan yengilroq ikki yuzdan ortiq obyekt to‘g‘ri keladi.