Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, shoir Mirzo Kenjabek, tarjimon Yevgeniy Abdullayev va boshqalar Tog‘ay Murod o‘z asarlarida milliy qahramonlar, milliy dunyoqarash, ma’naviyat va qadriyatlarga doir dolzarb mavzu-muammolarni ko‘tarib chiqqani haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, atoqli adib Tog‘ay Murod o‘ziga xos ijodiy uslubi, o‘lmas asarlari bilan milliy adabiyot xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo‘shig‘i” kabi qissalari milliyligi va o‘ziga xosligi bilan o‘z o‘quvchilarini topdi. “Otamdan qolgan dalalar” romani uchun 1994-yili yozuvchiga Abdulla Qodiriy nomidagi davlat mukofoti berildi.

Tog‘ay Murod nafaqat iste’dodli yozuvchi, balki, mohir tarjimon ham bo‘lgan. U Jek Londonning “Boyning qizi” dramasi, Ernest Seton-Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a” asarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

So‘nggi yillarda adibning asarlari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, chet tillariga tarjima qilinayotir. “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romani 2016 yili fransuz tilida chop etilgan bo‘lsa, “Ot kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalari joriy yilda Moskvada rus tilida “Tarlan” nomi bilan chop etildi.

Xotira kechasida Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Boydemir, Fransiyaning Le-Man universiteti professori Mishel Bushar, rossiyalik yozuvchi, shoir Vadim Muratxanov singari olim va ijodkorlarning Tog‘ay Murod asarlari haqidagi fikr-mulohazalaridan iborat videorolik namoyish qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ijrosida adibning “Oydinda yurgan odamlar” asari asosida sahnalashtirilgan ko‘rinish namoyish etildi.