“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning mazkur muammoga nisbatan munosabatini o‘rgandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Trend

Respondentlarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 56,8 foiz jamiyatda korrupsiya bor, deb hisoblaydi. Buni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi ko‘proq qayd etgan. So‘rov shuni ko‘rsatdiki, jamiyatda korrupsiya mavjudligini shahar aholisi qishloq odamlariga qaraganda ko‘proq ta’kidlagan.

Tadqiqotda qatnashganlarning 76,3 foizi fikricha, mazkur illat hamma joyda emas, balki jamiyatning ayrim sohalarida bor. Masalan, respondentlarning 37,6 foizi tomonidan sog‘liqni saqlash korrupsiya eng ko‘p kirib borgan soha sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Undan keyin ta’lim sohasi (31,4 foiz) turibdi.

So‘rovda ishtirok etganlarning har to‘rtinchisi huquq-tartibot organlari korrupsiyalashgan degan fikrni bildirgan. Bandlik, ijtimoiy ta’minot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korrupsiya uchrashi bildirilgan.

So‘rov davomida korrupsiyaning sabablari haqida so‘ralganda respondentlarning 64,4 foizi uni huquqiy, 51 foizi iqtisodiy, 46,3 foizi ijtimoiy, 45,8 foizi axloqiy muammo sifatida ko‘rsatgan.

So‘ralganlar fikricha, fuqarolik jamiyati keng miqyosda rivojlanmagani, jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi kabi muammolar korrupsiyaning turli idoralar faoliyatida keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.