Yaponiya Milliy tadqiqot markazi olimlari Alsgeymer xastaligini bitta tahlil bilan aniqlash usulini ishlab chiqdi. Buning uchun minimal miqdordagi qon talab etiladi. Bu haqda tashkilot tarqatgan xabarda ma’lum qilindi, deb yozadi “TASS”.

Foto: Getty Images

Yangi usul asosida kasallik rivojlanishining asosiy sabablaridan biri hisoblanuvchi beta-amiloid — peptid bilan bog‘langan moddani ajratish yotadi. Bu miyada ortiqcha beta-amiloid to‘planishi va amiloid toshmalar yuzaga kelishini aniqlash imkonini beradi. Olimlarning ta’kidlashicha, bunday tahlil o‘tkazish uchun 0,5 ml qon yetarli bo‘ladi.

Ular o‘z xulosalarini Yaponiya va avstraliyalik 60 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan jami 230 nafar bemorni tekshirish orqali tasdiqladi. Qon tahlili bo‘yicha qo‘yilgan tashxislar 90 foiz holatda Alsgeymer xastaligini aniqlashning umum qabul qilingan usullari tomonidan qo‘yilgan tashxislarga mos tushdi.