Surxondaryo viloyatida bir yo‘la uchta oliy ta’lim muassasasi filiallarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat rahbari 19–20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashib, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida mavjud muammolarni bartaraf etish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Shunga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz, Termiz davlat universitetining Denov filiallari tashkil etilib, qisqa vaqtda zamonaviy tarzda jihozlandi. Bo‘lajak pedagog va tibbiyot xodimlarining soha sirlarini puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratildi.
Mutaxassislarning fikricha, Surxondaryo viloyatida 1 ming 880 dan ortiq malakali shifokorga ehtiyoj mavjud. Tibbiyot muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari bilan ta’minlanish darajasi 48 foiz. Bu birlamchi tibbiyot muassasalarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishda bir qator muammolar tug‘dirmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining tashkil etilgani ushbu muammolarni bartaraf etib, viloyat aholisi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Termiz tibbiyot kolleji negizida ish boshlagan yangi oliy ta’lim muassasasida talabalarning soha sirlarini qunt bilan o‘rganishi uchun barcha qulaylik mavjud. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid asbob-uskunalar, fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlandi. Toshkent tibbiyot akademiyasi auditoriyalarida olib boriladigan ma’ruza va darslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkonini beradigan xonalari mavjud ikkita o‘quv binosi bilan ta’minlandi. Tibbiyotga oid adabiyotlarga ega axborot-resurs markazi, yopiq sport zali, 460 o‘rinli ikkita talabalar turar joyi bo‘lajak shifokorlar xizmatida bo‘ladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining tantanali ochilish marosimida mamlakat tibbiyot sohasining atoqli olimlari, akademiklar, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va xorijiy davlatlar tibbiyot oliy ta’lim dargohlari vakillari ham ishtirok etdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz va Termiz davlat universiteti Denov filiallarining ochilish marosimlari ham bayramona ruhda o‘tkazildi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filialida besh yo‘nalish va maxsus sirtqi bo‘limga 520, Termiz davlat universitetining Denov filialiga 700 ga yaqin talaba to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
Izoh (0)