31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida prokuratura organlari tomonidan qilinayotgan ishlar va ular oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.
Davlat rahbari prokuratura organlari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Prokuratura organlari xodimlari islohotlarni samarali amalga oshirishda o‘zlarining bor salohiyati, bilim va tajribasini safarbar etishi zarurligi ta’kidlandi. Qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning amaliy ijrosini so‘zsiz ta’minlash prokuraturaning eng muhim va dolzarb vazifasiga aylanmog‘i lozim.
Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori farovon hayot asosi bo‘lgan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarning mamlakatda erkin faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratish prokuratura organlari tomonidan kafolatlanishi zarurligiga qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishni yakunlar ekan, prokuratura xodimlari yuqori kasbiy malaka va yuksak insoniy fazilatlari bilan davlat organlari xizmatchilariga o‘rnak bo‘lishi, hamisha adolat va qonuniylik himoyasida turishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Oldinroq xabar qilinganidek, Prezidentning davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov Bosh prokuror etib tayinlandi.
Izoh (0)