O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng shov-shuvli moliyaviy piramida asoschisi — chinozlik Ahmadboy (Ahmadjon Tursunboyev)ga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida ma’lum qilindi.

Xabar berishlaricha, Ahmadboy va uning besh nafar sherigiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 243-moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va tergov harakatlari davom etmoqda. Lavhada tergov jarayoni, sud majlislari qachon davom ettirilishiga aniqlik kiritilmadi.

Ma’lumot uchun, Ahmadboy ishi bo‘yicha sud majlislari u qo‘lga olinganidan bir yil o‘tib — 2017-yil avgustida boshlangan edi. 4-sentabga qadar ish bo‘yicha kamida uchta (9-avgust kuni, 14-avgust kuni, 24-avgust kuni) sud eshituvlari bo‘lib o‘tgan, sudda jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangan edi. Sud majlislarida Ahmadboyning o‘zi ham qatnashgan.

Bu orada Ahmadboy bilan deyarli bir vaqtda qo‘lga olingan uning shogirdlaridan biri — Nuriddin Abulg‘oziyevning sudi yakuniga yetib, unga jazo tayinlanishiga ham ulgurildi. Biroq rasmiy xabarlarda unga aynan qanday jazo qo‘llanilganiga aniqlik kiritilmadi.