Surxondaryo viloyatida joriy yilda 170 kilometrlik ichimlik suv tarmog‘i quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Natijada 200 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yili 56 milliard so‘m mablag‘ evaziga 222 kilometr masofadagi ichimlik suvi tarmog‘i qurilgan. Ayni paytda viloyatda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 48 foizni tashkil etadi.
Ayni paytda viloyatdagi 6 ming 800 kilometrga yaqin ichimlik suvi tarmog‘idan 2 ming 400 kilometri ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Eskirgan suv quvurlarining bosqichma-bosqich yangisiga almashtirilayotgani va ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan aholi punktlariga suv quvurlari tortilayotgani joylarda yuqumli kasalliklar, ayniqsa, bolalar o‘rtasida virusli gepatitning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyatdagi yirik “Xo‘jaipok” tumanlararo suv quvuri, “Qo‘rg‘on”, “G‘urin”, “Saroy” suv taqsimlash inshootlari va suv quvurlarini qurish, rekonstruksiya qilish ishlarining yakunlanishi Qiziriq, Qumqo‘rg‘on tumanlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilaydi. Dasturga qo‘shimcha Qiziriq tumanidagi 3-suv taqsimlash inshootining ta’mirlanishi 30 ming aholining suv ta’minotini tubdan yaxshilash imkonini beradi.
Mustaqillikning 27 yillik bayrami arafasida Boysun tumanidagi shifobaxsh “Xo‘jamayxona” bulog‘i suvi Boysun tumani markaziga yetib boradi. 36 kilometr masofadan tog‘li tumanga toza ichimlik suvi olib kelish uchun 58 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Kelgusi yil mazkur loyihaning ikkinchi bosqichida Sariqamish, Pudina, Pulhokim, Inkobod, Omonxona, O‘rtabo‘z, Dashtig‘oz, Rabot qishloqlari markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Izoh (0)