Amirliklarning “Al-Jazira” futbol klubi bilan 2 yillik kelishuvga erishgan Sardor Rashidov Fransiya chempionatiga borib qo‘shilishi mumkin. Bu haqda “Championat.asia” nashri xabar berdi.
Ayni paytda Rashidovning “Al-Jazira” bilan munosabatlari joyida emas, deyiladi xabarda. Nafaqat u, balki jamoaning ikki yetakchi futbolchisi ham klubdagi holatdan norozi bo‘lib, boshqa jamoalarga o‘tib ketdi. Avvaliga Lassana Diarra Yevropaga qaytib ketgan bo‘lsa, keyinroq BAA termasi hujumchisi Ahmad Halil “Al-Ayn” variantini afzal bilgandi.
Yevropada transfer oynasi yakuniga bor-yo‘g‘i 2 kun vaqt qoldi. Shundan kelib chiqib, Fransiyaning “Renn” futbol klubi Rashidovni yozda o‘z safiga chorlashi mumkin. Ayni paytda “Renn”ni Sabri Lyamushi murabbiy sifatida boshqarmoqda. Bir yil avval Lyamushi Qatarning “Al-Jaish” klubida Sardor Rashidovga murabbiylik qilgan bo‘lib, ular Qatar Yulduzlar Ligasida vitse-chempion bo‘lgan, Chempionlar Ligasida esa yarim finalga qadar yetib borgandi.
“Al-Jazira” amaldagi chempion bo‘lsa-da, ayni paytda gollandiyalik mutaxassis qo‘l ostida natijalari ancha pasayib ketgan. Sardor Rashidovni klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatining birorta o‘yinida maydonga tushirmagan mutaxassis jamoasi ayni paytda 6-o‘rinni egallab turibdi. Debyutant klub bo‘lishiga qaramay, Aziz Haydarovning “Ajman” klubi 5-o‘ringa ko‘tarilib olgan.
BAA chempionatida, shuningdek, Otabek Shukurov hamda Igor Sergeyev jamoalari ham bor. Shukurov kelgach, “Sharja” ketma-ket uch o‘yinda zafar quchgandi. Bu safar futbolchi jamoasi bilan ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgan. Sergeyev jamoasi esa turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)