Omsk viloyati Novoomskiy posyolkasidagi yotoqxonada yuzaga kelgan yong‘in oqibatida besh kishi, jumladan, ikki nafar bola halok bo‘ldi. Yana yetti kishi jabrlandi. Bu haqda 28-yanvar, yakshanba kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi hududiy boshqarmasi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Bugun, 28-yanvar kuni tonggi 5:30 da Omsk chekka qismidagi Novoomskiy posyolkasida besh qavatli yotoqxona binosida yong‘in yuzaga keldi. Yong‘in davomida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh kishi halok bo‘ldi. Ulardan ikki nafari voyaga yetmagan — 13 va 14 yoshli bola, yana yetti kishi jabrlandi”, — aniqlik kiritadi boshqarma.
Uch nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda. Hozirgi paytda tergovchilar voqea joyini ko‘zdan kechirmoqda va yong‘in sabablarini aniqlamoqda.
FVV qutqaruvchilar binodan 60 kishini evakuatsiya qilganligini ma’lum qildi. Yong‘in 08:29 da bartaraf etildi, bunda 46 nafar o‘t o‘chiruvchi va 13 ta texnika ishtirok etdi. Yong‘inga olov bilan ehtiyotkor munosabatda bo‘lmaslik sabab bo‘lganligi taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)