Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlar taqiqlanishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zA muxbiri mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi matbuot xizmati kotibi Olimjon Jo‘rayev bilan bog‘landi.

Foto: O‘zA

— Tadbirkorlar tomonidan O‘zbekistonga uzoq yillar davomida chet mamlakatlardan avtomobillarga mo‘ljallangan turli gaz ballon va uskunalari olib kelingan, — deydi Olimjon Jo‘rayev. — Jumladan, Xitoydan usti kompozit qoplamali, xalqona aytganda, skotchli ballonlar keltirilgan. Ochig‘ini aytish kerak, mamlakatda avval bunday ballonlarni tekshirish va sinash standartlari mavjud emas edi. Shu bois, bu ballonlarga ularni ishlab chiqargan zavodlardan olingan sinov natijasi asosida sertifikatlar berilgan.

Keyinchalik bunday ballonlardan foydalanishda noxush hodisalar ro‘y bera boshladi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan vaqt davomida 55 kompozit qoplamali gaz ballonining portlashi oqibatida 41 kishi halok bo‘ldi, 23 kishi tan jarohati oldi. Afsuski, bu kabi ayanchli hodisalarni ko‘ra-bila turib, hamon bunday ballonlardan foydalanib kelinmoqda. Yaqinda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ana shunday ballon portlashida 2 yo‘lovchi (ulardan biri yosh bola) nobud bo‘ldi, 6 fuqaro jarohatlandi.

Foto: O‘zA

Bunday hodisalarga mustahkamlik darajasi past bo‘lgan kompozit qoplamali gaz ballonlar, ballonlarga ortiqcha bosimda gaz quyish, metall gaz ballonlarini navbatdagi texnik sinovdan o‘tkazmaslik yoki o‘tkazilgan, deb qalbaki dalolatnoma rasmiylashtirishlar sabab bo‘lmoqda.

Tegishli idoralar mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, kompozit qoplamali ballonlar metall qismining sifati va qalinligi talabga javob bermaydi.

Foto: O‘zA

Shularni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda 2018-yilning 1-fevralidan e’tiboran avtomobillarda kompozit qoplamali gaz ballonlardan foydalanish taqiqlanadi.