Argentinalik futbolchi Xavyer Maskerano Xitoyning “Xebey Chayna Forchun” klubi bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekdi.
33 yoshli futbolchi bu ikki yili davomida jami 19 million yevro maosh oladi. “Xebey Chayna Forchun” klubi yakuniga yetgan Xitoy Super Ligasini 4-o‘rinda yakunlagandi. Maskeranoning olib kelinishi, jamoani yangi bosqichga olib chiqishiga ishonilmoqda. Ma’lumot berilishicha, yozda kataloniyaliklar bilan shartnomasi yakuniga yetishi kerak bo‘lgan futbolchi uchun Xitoy klubi 5,5 million yevro to‘lab bergan.
Hammasi hal bo‘lgach, Xavyer Maskerano “Barselona” futbolchilari bilan xayrlashuv marosimida ishtirok etdi. Umrining salkam 8 yilini shu klub rivoji yo‘lida o‘tkazgan Maskerano Kataloniyadan iliq kuzatib qo‘yildi. Futbolchi bunga qadar “Liverpul”, “Vest Hem”, “Korintians” hamda “River Pleyt” kabi klublar sharafini himoya qilgandi.
Maskerano Argentina milliy terma jamoasida 2003-yil debyut qilgan bo‘lib, hozirgacha 141 ta o‘yinda maydonga tushgan va 3 ta gol urishga erishgandi.
Izoh (0)