Fransiya Arianespace kompaniyasining Ariane 5 raketasi u bilan aloqaning yo‘qolishiga qaramasdan, sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga olib chiqdi. Bu haqda 26-yanvar, juma kuni kompaniya matbuot xizmati o‘z saytida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: “Rambler Novosti”

“Raketa yuqori qismi alanga olgandan so‘ng aloqaning yo‘qolishi parvozning butun qolgan qismida ham davom etdi. Har ikkala sun’iy yo‘ldosh raketadan muvaffaqiyatli ajralib, hozirda orbitada. Ular tegishli boshqaruv markazlari bilan aloqani tutib turibdi. Har ikkala apparat missiyasi davom etmoqda”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Arianespace kompaniyasi Ariane 5 tashuvchi raketasi bilan aloqa yo‘qolganligi haqida ma’lum qilgan edi.

Ariane 5 raketasi ikki telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshi bilan 25-yanvar 19:20 da Fransuz Gvianasidagi Kuru kosmodromidan uchirildi.