Andijon viloyatining barcha masjidlarida Aqto‘bedagi fojia qurbonlari esga olindi, ularning haqlariga Qur’oni karim tilovatlari qilinib, duolari bag‘ishlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Kuni kecha esa Andijon viloyati bosh imom-xatibi Nuriddin hoji Xoliqnazarov va bir guruh imom-xatiblar Aqto‘bedagi fojia qurbonlarining xonadon ahllariga ta’ziya izhor qilish, ularga hamdardlik bildirish maqsadida Qorasuv shahri va Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy tumanlaridagi xonadonlarga bordi.

“Mash’um fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga Qur’on tilovati va duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniylik burchimizdir. Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida Kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg‘oq chog‘ida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytganlar”, — deyiladi xabarda.