Kopengagen universiteti olimlari shirin ichimliklar va tarkibida shakar yuqori bo‘lgan oziq-ovqatlarni ko‘p miqdorda iste’mol qilish turli organlar va to‘qimalarda qon aylanishining yomonlashuviga olib kelishini aniqladi. Bu haqda The Copenhagen Post nashri xabar bermoqda.
Yillar davomida bu qon-tomirlar tizimidagi buzilishlar va hayot uchun xavfli holat, jumladan insult va infarktga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotda kuniga 225 gramm shakar iste’mol qilgan 12 erkak qatnashdi. Ular sinov davomida stulga o‘tirib, bir oyog‘ini ko‘tardi. Qon aylanishi darajasini o‘lchash natijalari tajribaning ikki haftasidan so‘ng oyoqlarga 17 foizga kam qon borayotganligini ko‘rsatdi. Mutaxassislar yurak va miya ham xuddi shunday aziyat cheka boshlashi va vaqt o‘tishi bilan vaziyat yomonlashuvini taxmin qilmoqda.
Olimlarning ma’lum qilishicha, vaqti-vaqti bilan ichiladigan yarim litr hajmdagi shirin ichimlik sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazmaydi. Biroq buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish, inson ratsionida sabzavot, meva va yong‘oqlar ko‘p miqdorda bo‘lishi lozim. Biroq shakarni muntazam iste’mol qilishning zarari tez qarish bilan teng. Bu odatda qariyalar chalinadigan jiddiy xastaliklar yuzaga kelishi xavfini oshiradi.
Izoh (0)