Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huzurida pedagogika yo‘nalishida ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qoraqalpog‘iston miqyosida katta tarixiy yangilik bo‘lgan mazkur kengashning ish boshlashi yosh mutaxassislarni behad quvontirmoqda. Ilmiy kengashda fan doktorlaridan iborat 15 a’zo faoliyat yuritadi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy kengash hech qachon bo‘lmagan, — deydi Nukus davlat pedagogika institutining umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasi tadqiqotchisi Almaz Kadrekova. — Joriy yil yanvar oyida institutimizda ‘Pedagogika nazariyasi va tarixi. Ta’limda menejment’, ‘Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi’ mutaxassisliklari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash ochildi. Endi doktorlik dissertatsiyasini yoqlash uchun ming kilometr masofa bosib Toshkentga borishga hojat qolmadi. Imkoniyatdan foydalanib, kengashga men ham hujjatlarimni topshirmoqchiman. Hozirgi kunda ilmiy rahbarim, pedagogika fanlari doktori Oynisa Musurmonova bilan ilmiy ish olib bormoqdamiz”.
Shu kungacha institutda faqat qoraqalpoq tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy kengash ish olib borgan.
Izoh (0)