O‘zbekiston fuqarolari — jami 41 kishi, shu jumladan, ikki bola Qozog‘istonning Sho‘rtandi tumanida buzuq avtobus ichidan evakuatsiya qilindi. Bu haqda, mamlakat favqulodda vaziyatlar qo‘mitasiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Kazinform”

Avariya-qutqaruv ishlari 22-yanvar kuni “Ostona – Petropavlovsk” avtoyo‘lining 54-kilometrida o‘tkazildi. Yo‘lovchi avtobus “Petropavlovsk – Sariog‘och” reysini bajarayotgan edi. Kuchli qor tufayli avtobusda dizel yoqilg‘isi muzlab qoldi.

Qutqarib olingan yo‘lovchilar hamda Qozog‘iston fuqarolari bo‘lmish ikki haydovchi Bo‘zayg‘ir ovulidagi 5-sonli agrotexnik kollej yotoqxonasiga isinish va yordam ko‘rsatish uchun yo‘llandi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, kuchli qor tufayli Qozog‘iston avtoyo‘llarida yurish xavfli bo‘lib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston FVV yaqin kunlarda Qozog‘istonga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklardan yo‘lovchi avtobusi va shaxsiy mashinadan foydalanmaslikni iltimos qilgan edi.