O‘zbekiston Respublikasi FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazining xabariga ko‘ra, yaqin kunlarda Qozog‘istonning aksariyat hududida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Foto: TengriNews

Qozog‘istonning shimoliy, sharqiy va markaziy viloyatlarida kuchli sovuq bo‘lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan 2018-yil 21-yanvar kuni www.gismeteo.kz saytining malumotiga asosan bo‘ron ogohlantiruvi e’lon qilingan.

Qozog‘istonning shimoliy, sharqiy va markaziy viloyatlariga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan vaqtinchalik yo‘lovchi avtobusi va shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanmasliklarini iltimos qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus yonib ketdi. Hodisa oqibatida 52 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Avtobusda yong‘in chiqishiga kavshar lampa sabab bo‘lgan.

“Avtobusning dvigateli o‘chib qolganligi va mashina ichi sovuq bo‘lganligi sabab ushbu kavshar lampadan isitgich sifatida foydalanilgan. U ikki soatga yaqin ishlagan va tabiiyki gaz-benzinli aralashma butun salonni egallagan. Tasodifan benzin to‘kib yuborilganida esa yong‘in yuzaga kelgan”, — dedi Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev.