18-yanvar kuni Qozog‘istonda avtobus yonishi oqibatida halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlik orasida yaqin qarindoshlar ham bo‘lgan edi.

Kadr: “Taraqqiyot TV”

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Shohidon qishlog‘idan bo‘lgan amakivachchalar 19 yoshli Muhammadamin Husniddinov va 20 yoshli Shohrux Zokirov ham hodisa oqibatida qurbon bo‘ldi.

“Ota, men ham ishlab kelsam. Do‘st-birodarlarim ham ishlab kelyapti. Men ham borsam”, deb mendan so‘ragandi. “Xo‘p” dedim. O‘zining sog‘-salomat borib qaytib kelishini va o‘sha yerda do‘stlari qatori qo‘ldan kelgancha ishlashini, to‘ylarining kamchiliklarini to‘ldirar, degan maqsadda jo‘natgandik. Endi bunga sabr qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q.

Qishlog‘imizdan to‘planib uch-to‘rt kishi ketgan bo‘lsa, to‘rtalasi ham o‘sha avtobusda bo‘lgan ekan.

Husniddin ota Isomiddinov, Muhammadamin Husniddinov va Shohrux Zokirovning bobosi

Husniddin otaning nevaralaridan tashqari yana ikki shohidonlik ham fojiali avtobusda bo‘lgan — Omonullo Rahmonov 20 yoshda bo‘lsa, Muhammadrizo Valiyev oktyabr oyida 21 ga to‘lgan edi.