O‘FF prezidenti sifatida Ispaniyaga jo‘nab ketgan Umid Ahmadjonov bugun — 21-yanvar kuni “Santyago Bernabeu” stadionida “Real Madrid” — “Deportivo” uchrashuvini tomosha qiladi.

Foto: O‘FF

Tushki vaqtda Ahmadjonov argentinalik mashhur futbolchilardan biri Xorxe Valdano bilan uchrashdi va bolalar futbolini rivojlantirish ishlari borasida suhbatlashdi. Fikr almashish chog‘ida malakali futbolchilarni yaratishda yangi tizimga o‘tish masalasi asosiy o‘rin tutdi. Valdano bunda murabbiylar saviyasini ko‘tarish katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Foto: Google Images

Valdano Ispaniya futboli haqida yetarlicha ma’lumotga ega. 1986-yilgi Jahon Chempionatida zafar quchgan sobiq futbolchi o‘z vaqtida “Valensiya”, “Real Madrid” kabi klublarda murabbiy bo‘lib ishlagan. Sport direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Foto: Google Images

Umid Ahmadjonov suhbat davomida O‘zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirishda ispan futbol maktablari metodikasi alohida o‘rin tutishini istayotgani haqida gapirgan. Belgiya va Ispaniya futboli so‘nggi yillarda tezlik bilan rivojlanib borayotganidan kelib chiqib, O‘zbekiston ham bu mamlakatlar futbolidan sobiq olishga tayyor ekani ma’lum qilingan.

Xorxe Valdano jahon futbolidagi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri. Biz O‘zbekistonda murabbiy va futbolchilarni tayyorlash tizimini barpo etishda ispan futboli strukturasidan na’muna olishni istardik. Bunda Valdano kabi kishilarning bilimi, yillar davomida to‘plagan tajribasidan unumli foydalanish mumkin. Umid qilamanki, uning maslahatlari bu borada bizga as qotadi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Foto: O‘FF

Ertaga — 22-yanvar kuni Ahmadjonov Ispaniya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashadi.