23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatining chorak final o‘yini oldidan O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonovning maktubini tinglagan o‘zbekistonlik futbolchilar, chempionlik uchun da’vogarlardan biri bo‘lgan Yaponiya ustidan 4:0 hisobida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

O‘yin tugashi hamonoq tashkilot prezidenti Ravshan Haydarov shogirdlariga minnatdorchilik izhor etilgan murojaatini yo‘lladi. Unda quyidagi so‘zlar bitilgandi:

Hurmatli futbolchilar, murabbiylar!

Bugungi ajoyib o‘yin, chiroyli g‘alaba va Osiyo Chempionatining yarim finaliga yo‘l olganingiz bilan barchangizni tabriklayman! Rahmat sizlarga!

Bugun o‘zbekistonliklar sizlarni qaytadan kashf qilgandek bo‘ldi. Sportni rivojlantirish uchun barcha sharoitni yaratib berishga tayyor turgan Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham siz-u bizdan mana shunday shijoatni talab qilyaptilar, demak, bu davomiy bo‘lishi kerak.

Kechagi fojeadan qalbi g‘amga to‘lgan yurtoshlarimizga oz bo‘lsa-da quvonch bahsh etishga muvaffaq bo‘ldingiz. Albatta, Qozog‘istonda vatandoshlarimiz bilan ro‘y bergan fojeaning alamini hech narsa bosa olmaydi. Biz hamisha o‘tganlarning ortidan xayrli duolar qilamiz.

Lekin bugungi o‘yiningiz bilan siz nafaqat yurtdoshlarimizga quvonch ulashdingiz, balki vatanimiz sha’nini munosib himoya qila oldingiz. Yaponiyadek futboli rivojlangan mamlakat o‘yinchilaridan o‘zbekistonlik futbolchilar hech bir jabhada aslo kam emasliklarini namoyish qilib berdingiz. Buning uchun sizlarga minnatdorchilik bildiraman.

Endi oldinda sizlarni yarim final bahsi kutib turibdi. Ushbu mas’uliyatli o‘yinda ham yurakdagi o‘t bilan astoyidil harakat qilib, g‘alaba qozonishingizni tilab qolaman. O‘zbekiston hech kimdan kam emasligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ying!

Bugungidek shahd, tezkorlik va g‘alabaga bo‘lgan ishonch hamda tashnalik nafaqat shu turnir davomida, balki faoliyatingiz so‘ngiga qadar sizlar bilan bo‘lishiga ishonaman! Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham bizdan aynan shuni talab qilmoqdalar. Bo‘sh kelmang va o‘zbekistonlik navqiron yigitlarning qo‘lidan nimalar kelishi mumkinligini isbotlashda davom eting! Biz — siz bilanmiz!

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

O‘zbekiston terma jamoasi final yo‘lida Janubiy Koreya — Malayziya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.