Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston FVV e’lon qilgan Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi fojiada halok bo‘lgan va jabrlanganlarning dastlabki ro‘yxatiga kiritilganlarning barchasi Namangan viloyatidan. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “O‘zbekiston 24”

Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, qurbonlarning 20 nafari To‘raqo‘rg‘on, 8 nafari Kosonsoy tumanidan. Jabrlanganlarning ikki nafari to‘raqo‘rg‘onlik.

Fojia munosabati bilan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida huquqni muhofaza qilish idoralari, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash hamda xalq ta’limi boshqarmalari, “Mahalla” fondi viloyat bo‘limi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi komissiyasi tuzildi.

Komissiya tomonidan qurbonlar va jabrlanganlarning oilaviy sharoitini o‘rganish, oila a’zolariga tibbiy-ruhiy va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Viloyat masjidlarida o‘qilgan juma namozlarida qurbonlar haqiga duo qilindi.