Farg‘ona vodiysi viloyatlari — Andijon, Namangan va Farg‘onadagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida 17-yanvar kuni, kunning ikkinchi yarmidan boshlab katta navbatlar yuzaga kelishni boshladi. Bu haqda joylardagi “Daryo” mobil muxbirlari ma’lum qildi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ko‘plab xabarlar qoldirilgan.

Foto: Telegram / @vodiybozor

Shahrixon tumanidagi “Daryo” mobil muxbirining ma’lum qilishicha, “zapravkalar yopiq, hamma shoxobchalarda: ‘Bir-ikki kun ishlamaymiz’, deb tarqatib yuborishyapti”. Tumandagi avtomobillarga benzin yoqilg‘isini quyib beruvchi shoxobchalarda navbatlar yuzaga kelishni boshlagan. Viloyat markazida ham vaziyat shunday.

Shahrixon tumanidagi gaz quyish shoxobchasidagi navbat.
Foto: “Daryo” mobil muxbiri

Namanganda ham shu ahvol. “Zapravkalarda gaz bor, lekin cheklov o‘rnatilgan — har bir shoxobchaga kunning ma’lum bir qismida ishlash haqida ko‘rsatma berilgan. Nega bunday qilingani noma’lum. Haydovchilar esa qachon, qayerda gaz sotilishini bilmay, sarson bo‘lyapti. Shuning uchun hammayoqda tartibsiz navbatlar paydo bo‘lyapti”, — deydi viloyatdagi mobil muxbir.

Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchasidagi navbat.
Foto: “Daryo” mobil muxbiri

“Daryo”ning Farg‘ona viloyatidagi mobil muxbiri so‘zlariga ko‘ra, “gaz zapravkalar ikki kun davomida ishlamas ekan”. “Zapravkadagilar shunday dedi, sababini aytishmadi”, — deydi mobil muxbir.

Andijon va Namangandagi muxbirlarning ta’kidlashicha, gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi muammoli vaziyat hududdagi yo‘lovchi qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Odamlar ko‘chalarda Damas kutib qolib ketyapti, o‘z manziliga qanday yetib olishni ham bilmayapti”, — deydi Namangandagi mobil muxbir. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Andijonda Damas kutib turgan yo‘lovchilarning suratlari e’lon qilingan.

Foto: Telegram / @vodiybozor

Bundan tashqari, Telegram’dagi “Vodiy Bozor” kanalida vodiy shahar va tumanlaridagi gaz quyish shoxobchalari oldida yuzaga kelgan navbatlarning suratlari e’lon qilingan.

Foto: Telegram / @vodiybozor

“Xabar.uz”ning hududdagi gaz quyish shoxobchalariga asoslanib xabar berishicha, “gaz yetarli berilmayapti”, mahsulotning cheklov bilan sotilishi sababi ham shunda. “Vodiy Bozor” kanalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, “Angrendagi remont sabab vodiyga gaz berilmayapti, bir-ikki kunda ishlab ketadi”. Bu xabarda Angrenda aynan nima ta’mirlanayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Foto: Telegram / @vodiybozor

Mazkur holat yuzasidan gaz ta’minotiga mas’ul idora va tashkilotlar o‘zi ham hozircha biror rasmiy bayonot bilan chiqish qilganicha yo‘q.

Muallif:Muhrim A’zamxo‘jayev