Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 18-yanvar kuni tongda yonib ketgan va 52 nafar o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus Janubiy Qozog‘iston viloyatidan Rossiya tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. Bu haqda, Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rasmiy vakili Ruslan Imanqulovga asoslanib, “Interfaks” agentligi xabar bermoqda.

Kadr: Instagram

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus salonida 57 kishi — 55 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchi va 2 nafar qozog‘istonlik haydovchi bo‘lgan. Yong‘in oqibatda 52 yo‘lovchi hodisa joyining o‘zida halok bo‘lgan, besh kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Hozirgi vaqtda hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Baxtsiz hodisa yuzasidan Aqto‘be viloyatida tashkil etilgan tezkor shtabi vakillarining qayd etishicha, O‘zbekiston bilan doimiy aloqada bo‘lib turilibdi. Bir muddat avval hodisa yuzasidan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham axborot bergan edi.

Qayd etish joiz, bu so‘nggi bir yilda Qozog‘iston yoki Rossiya bo‘ylab harakatlanayotgan va ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolarining o‘limi bilan tugagan avtobuslar ishtirokidagi birinchi yo‘l-transport hodisasi emas.

2017-yilning 22-iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, “Samara-Chimkent” yo‘lining 946-kilometrida salonida 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan edi. Oqibatda 9 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, yana 17 nafari tan jarohati olgan.

2017-yilning 6-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida salonida 55 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobusni temiryo‘l kesishmasida poyezd urib yuborgan edi. Hodisa oqibatida 16 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Har ikkala holatda ham O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan qaytayotgan edi.