Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yonib ketgan avtobusdan omon qolgan besh kishi yengil darajada kuyish jarohatini olgan. Bu haqda viloyat gubernatori o‘rinbosari Serik Tulenbergenov ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: TengriNews

18-yanvar kuni tongda Samara—Chimkent trassasining Aqto‘be viloyatidan o‘tgan qismidagi yo‘lda salonida 55 yo‘lovchi va ikki haydovchi bo‘lgan avtobus yonib ketdi. Qozog‘iston rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, 52 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi omon qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar O‘zbekiston, haydovchilar esa Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan.

“52 kishi halok bo‘ldi, besh kishi yengil darajada kuyish jarohatini oldi”, — dedi Tulenbergenov.

Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, omon qolganlardan 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi, qolgan ikki nafari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan haydovchilardir.