O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yonib ketgan va, dastlabki ma’lumotlar bo‘yicha, 52 o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa yuzasidan qisqa axborot berdi.

Foto: Instagram / @askar_aktileu

O‘zbekiston FVVning Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi (FVQ)ga asoslanib axborot berishicha, yong‘in oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi jabrlangan.

“Avtobus salonida jami 57 kishi bo‘lgan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan 55 nafari O‘zbekiston va 2 nafari Qozog‘iston fuqarolaridir”, — deyiladi vazirlik axborotida.

O‘z navbatida, FVV hodisa yuzasidan tezkor telefon raqamlari ishga tushirilganini ma’lum qildi: hodisa yuzasidan axborot olish uchun O‘zbekiston FVVning tezkor telefon raqamlari — (+998 71) 147-10-50 va (+998 71) 212-67-00; Qozog‘iston IIV FVQning tezkor telefon raqamlari — +7 7132 56-29-62 va +7 7132 56-68-85.

Baxtsiz hodisa 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, mahalliy vaqt bilan 10:30 atrofida, “Samara—Chimkent” yo‘lining 1068-kilometrida yuz berdi. Bu Qozog‘iston yoki Rossiya bo‘ylab harakatlanayotgan va ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolarining o‘limi bilan tugagan avtobuslar ishtirokidagi so‘nggi bir yilda kuzatilgan birinchi yo‘l-transport hodisasi emas.

2017-yilning 22-iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida, “Samara—Chimkent” yo‘lining 946-kilometrida salonida 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan edi. Oqibatda 9 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan, yana 17 nafari tan jarohati olgan.

2017-yilning 6-oktabr kuni Rossiyaning Vladimir viloyatida salonida 55 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobusni temiryo‘l kesishmasida poyezd urib yuborgan edi. Hodisa oqibatida 16 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Har ikkala holatda ham O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan qaytayotgan edi.