“Xalq so‘zi” gazetasi o‘z maqolasida Navoiy viloyati qo‘shiqchilik maktabini tanqid ostiga oldi. Maqolani to‘liq keltirib o‘tamiz.

Foto: “Xalq so‘zi”

Baqiroqlik jarchiga xos. Lekin san’atkorman, deb davraga chiqqan odam jarchi emas. Uning ovozida shira, joziba, jilla qursa jindek iqtidor, ichki dard bo‘lgani yaxshi. Aks holda...

Texnika rivojlangan bugungi asrimizda ovozni har maqomga yo‘rg‘alatish mumkin. Binobarin, ustoz ko‘rmagan shogird haqidagi hikmat ham allaqachon ko‘p qirralarni kashf etgan...

Tilga olmoqchi bo‘lgan mavzuimiz aslida ustoz yoxud noshud shogirdlar haqida emas, balki Navoiy viloyati qo‘shiqchilik maktabi xususida. Shu bois avval boshdanoq hududda o‘zi qo‘shiqchilik maktabi bormi, degan haqli savolga javob izlaymiz.

Ushbu mavzu viloyatning ikki nomdor san’atkori bilan bo‘lgan suhbatda ham ko‘tarilgan edi. “Yaxshi qo‘shiqlar ko‘p, ular muxlislarga yetib bormayapti”, degan edi o‘shanda har ikkisi ham ta’na aralash. Gap qo‘shiq emas, qo‘shiqchilik maktabi haqida borardi. Modomiki, ular shuni istashgan ekan, mayli har ikkisi xususida ham fikr yuritaylik.

Istagan to‘yga boramiz, mahalliy yallachilar, davraga Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov bo‘lib kirib, Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz va hokazolar bo‘lib chiqib ketishadi. Bu, ehtimol to‘y egalari uchun ma’quldir. Lekin savol tug‘iladi: Andijon yoki Farg‘onada navoiylik qaysi xonandaning qo‘shig‘i davrani “qizdirmoqda”? To‘ybop qo‘shiqlarimiz ham yo‘qmi?! Yoki navoiyliklarning qaysi qo‘shiqlari kunning xitiga aylanib, mobil aloqa kompaniyasi va ijtimoiy tarmoqlardan sizu bizni “bezovta” qilayapti. Nima, bu yerda iste’dodlar yo‘qmi, favqulodda talantlar jug‘rofiy muhit tanlab tug‘ilishadimi yo?..

Yana viloyatdagi to‘y va davralarga qaytamiz: odamlar eshitayapti, raqsga tushayapti ba’zilar esa jo‘shib, “ey, do‘st, xuddi o‘zi-ya”, deya olqishlab ham qo‘ymoqda. Afsuski, ana shu holat, ya’ni birovning “xuddi o‘zi” bo‘lib yurish ortidagilar uchun san’at, asosan, ro‘zg‘or tebratish manbai bo‘lib qolib, bunday ovoz sohibi faoliyatining jarchidan farqi qolmagan. Birovning qo‘shig‘i, birovning musiqasi, birov bergan ohang, bezak va ishlov ekan uni tinglovchiga yetkazayotgan xonanda jonli “pleyer” vazifasini bajarayapti xolos.

Ha, endi otarchi o‘z oti bilan-da, degan e’tiroz tug‘ilishi tabiiy. To‘y azaliy qadriyatimiz, ming-ming yillik an’analarga ega ekan, san’atkorning unga bepisand qarashini yana nima bilan izohlaylik? Qolaversa, qo‘shiq faqat to‘y uchungina yaratilmaydi. Binobarin, san’atkor uchun ham faqat to‘y-tomosha sahna emas.

Chalg‘ib ketdik, aslida so‘z ovoz xususida bormoqda. Demoqchimizki, jozibador ovozlar bor. Shunga birgina misol: 2011-yil Istiqlolimizning 20 yilligi tantanalari kuni viloyat amfiteatrida Feruza Ro‘ziyeva “Go‘zal diyorim” qo‘shig‘ini ilk bor ijro etdi. Qo‘shiq avj nuqtasiga chiqib, yengil pauza bilan xonanda nafas rostlaydi. Olqish yog‘ilib ketdi. Shundan ruhlangan xonanda sahna uzra go‘yo uchib yuribdi (hamon uchmoqda). Xullas, o‘shandan e’tiboran shu birgina qo‘shiq xonandani tanitibgina qolmay, keyin ham bir necha ommaviy tadbirlarning “xit”iga aylandi.

Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. Mazkur qo‘shiq yaralishidan bir necha oy avval viloyatning yosh, iqtidorli san’atkorlari viloyat hokimligida qabul qilinib, har biri bilan alohida samimiy suhbat o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng Feruza Ro‘ziyeva, Zilola Karimova kabi bir qator yoshlar poytaxtlik bastakorlar bilan hamkorlik o‘rnatishdi. Albatta, holva degani bilan og‘iz chuchimaydi. Biz yuqorida sanagan yosh iqtidorlarning qo‘shiqlari qanchadan-qancha bedor tunlar samarasi. Lekin poytaxtga borib san’atkorlarning qaynoq “kuxniya”siga kirib olishning ham mashaqqati bor.

Navoiy shahridagi tashkilotlardan birining yonida (shundoq yangi bozor ro‘parasida), daraxtlar tagida har shanba va yakshanba kunlari qo‘shni viloyatlik bir onaxon qimtinibgina yoz bo‘yi pomidor, bodring sotadi. Sababi, bozordan onaxonga o‘rin yo‘q. Ushbu maqolani tayyorlashda negadir shu onaxon yodimga tushaverdi. Bir kun hech bo‘lmasa bozorga yaqinroq joyda sotmasligining sababini so‘ragan edim.

— Ular (olibsotarlarni nazarda tutmoqda — T.E.) pachkalab yerga urishadi — aytgan narxiga bermasam, — dedi onaxon.

Odatda mehnatga bo‘yni yor bermagan, tabiat iqtidordan qisganlar darrov til topishib, guruh tuzadilar. Va bunday guruh hamda uning a’zolari o‘zlaridan bir qadam oldinga o‘tayotganlarni qayirib tashlash, ularning mehnatini yuzaga chiqarmaslikning barcha chorasini ko‘radilar. Ayniqsa, ijod bilan bog‘liq sohalar, jumladan qo‘shiqchilikda bu nihoyatda chigal jarayon. Boisi iqtidorning aniq mezoni yo‘q. Texnika imkoni shu qadarki, ozgina hafsalang bo‘lsa, elning oldiga xohla Hosila Rahimova, xohla Abdulaziz Yo‘ldoshev bo‘lib chiqishingni ta’minlaydi.

Xullas, shunday qo‘shiq va qo‘shiqchilik “bizga bo‘laveradi” tamoyilida ayrimlar viloyatda kunini ko‘rib yuribdi. Muhimi, katta-kichik sahnaga torgina bo‘lsa-da yo‘lakcha topsang yetadi. Chiqaverasan, aytaverasan, biror o‘n yil o‘tib, mukofot ta’ma qilsang ham hech kim e’tiroz bildirolmaydi. Axir, o‘n besh yildan buyon sahnadasan, “mumtoz ashulalarni maromiga yetkazib ijro etgan,” degan tavsifnomang bor.

To‘g‘ri, san’at elning yaxshi kunlarida xizmat qilishi kerak. Biroq xizmat qilsangu san’atdan yiroq bo‘lsang, boda o‘rniga nuqul suv ichishday gapda. Natijada depsinib, yerga musht o‘qtalib, men buyuk yurt farzandiman, deb jazava bilan aytilgan qo‘shiqlar dunyoga kelmoqda. Ularni bayram repertuaridan olib tashlab ko‘rchi!?

Xalkimiz tirikchilikning aybi yo‘q, mehnat bilan topilsa har bir so‘m ona sutiday halol deydi. Ammo tirikchilik, “tirriqchilik” bo‘lmasligi kerakda. Shunda har bir hududning o‘z qo‘shiqchilik maktabi, o‘zini xizmat ko‘rsatib qo‘ygan san’atkori bo‘ladi.

Temur Eshboyev