Yaponiyaning CBG Group kompaniyasi yangi formatda tashkil etilayotgan O‘zbekiston Super Ligasiga titul homiy bo‘lish istagini bildirdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘FF

MOQ prezidenti etib saylangan va bir vaqtning o‘zida mamlakat futboliga rahbarlik qilayotgan Umid Ahmadjonov bugun — 17-yanvar kuni CBG Group kompaniyasining xalqaro aloqalariga javobgar bo‘lgan Aran Olsner bilan uchrashgan. O‘zaro fikr almashish chog‘ida yaponiyaliklar O‘zbekiston Super Ligasiga titul homiy bo‘lish istagini bildirgan. Ularni chempionat formati yangi ko‘rinishga o‘tayotgani qiziqtirib qolgani katta ehtimol.

O‘FF ma’lumotiga ko‘ra, CBG Group kompaniyasi ichimlik va sut mahsulotlari ishlab chiqaradi. Uning jahon mamlakatlarida bir qator filiallari mavjud. Agar kompaniyaning taklifi O‘FF va PFL rahbariyatini qanoatlantirsa, tarixda ilk bor O‘zbekiston chempionati titul homiyga ega bo‘lishi mumkin. Hozir bu borada ikki tomon o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.

Foto: O‘FF