Farg‘ona futboli bilan yaqindan tanishgan O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov vodiy futbol federatsiyalari rahbarlari hamda OAV ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unga Namangan va Andijon futboli rahbariyati ham jalb etilgan.

Foto: O‘FF

Majlis davomida Ahmadjonov bir qator keskin fikrlar bildirgan va futbol rivojini ortga tortayotgan kishilar bo‘lsa, ulardan tinchgina ishdan ketishni so‘ragan.

Bundan buyon futbol rivojiga to‘siq bo‘ladigan kishilarga oramizda joy yo‘q. Hammamiz futbol ortidan non yeyapmizmi, nonimizni halollab yeylik. Mazza qilib ishla, futbolni ko‘tar, agar faqat o‘zingi o‘ylayotgan bo‘lsang, o‘zimiz chetlashtirmasimizdan ketaver. Ozgina insofing qolgan bo‘lsa, shunday qilishing ham kerak.

Kim jonini berib ishlayotgan bo‘lsa, shundoq ko‘rinib turadi va biz ular bilanmiz. Kim o‘z manfaatini xalqnikidan ustun qo‘yib, uning mulkiga xiyonat qilayotgan bo‘lsa, futbolda tiqilib yurmasin!

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Umid Ahmadjonov: Samvel Babayan xalqni aldab yurgan. Uning asosiy maqsadi futbolchilarni chetga sotish edi

Yig‘ilishda ishtirok etgan Andijon va Namangan futbol federatsiyalari rahbariyati Umid Ahmadjonovning keskin tanqidi bilan yuzlashgan.

Andijondan nega kimdir viloyat futbolini ko‘tarish taklifi bilan kelmaydi? Yo Andijonda futbol shunchalik zo‘rmi?! O‘FF tepasiga kelganimizga 3 oy bo‘ldi. O‘zimiz kelmagunimizcha na Andijondan va na Namangandan kimnidir ko‘rdik. Sizlar ishlayapsizlarmi yoki uxlayapsizlarmi?

Hamma e’tibor faqat “Navbahor”ga bo‘lib, qolgani e’tiborsiz qolishi kerak emas. Viloyat hokimini shunchaki ayblab o‘tirishdan bir ish chiqadimi? Uning ishi ko‘p, yumushi, muammolari ko‘p. Murabbiylar, hakamlar, mablag‘ masalasida o‘zing borib talab qilmaysanmi? Juda bo‘lmasa O‘FFga kelib takliflaring va muammolaring haqida aytmaysanmi o‘tiravermasdan. Har kim o‘z haqini talab qilib olishi kerak.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Foto: O‘FF

Federatsiya rahbari Andijon futboli rahbarlaridan biriga ishdan bo‘shashni taklif qilgan. Uning fikricha, futbolni qo‘l qovushtirib o‘tiradiganlar bilan joyidan siljitib bo‘lmaydi.