Oldin xabar qilinganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi elchixonalar faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot xizmati yig‘ilish tafsilotlari haqida ma’lumot keltirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, uning muassasalari, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning 2017-yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2018-yil va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Prezident Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Tashqi ishlar vazirligining barcha yo‘nalishlardagi faoliyati samaradorligini tubdan oshirish zarurligini ta’kidladi. Bunda, avvalo, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish, yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha tizimli ish borish kerak. Elchilar va barcha darajadagi diplomatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning yangi bosqichida faol qatnashishi lozim.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlardagi elchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, vazirlik va unga qarashli muassasalar tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Prezidentning davlat maslahatchisi O. Murodov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda tubdan takomillashtirish bo‘yicha komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etishga oid aniq takliflar kiritishi lozim bo‘ladi.

Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar jalb etish, turizmni rivojlantirish, hukumatlararo komissiyalar faoliyatini kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish, xorijdagi vatandoshlarimiz va fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘linmalar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda bugun qo‘yilayotgan vazifalar diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishni talab qilayotgani ham qayd etildi.

Xorijdagi har bir diplomatik muassasa amaliy faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi va tanqidiy baholandi, yaqin istiqbolda tashqi siyosiy faoliyat yuritishning aniq yo‘nalishlari belgilab berildi.

Prezident har bir elchixonaga O‘zbekistonning muayyan hududi va iqtisodiyot tarmog‘ini biriktirish taklifini bildirdi. Endi har bir elchi ish kunini o‘ziga biriktirilgan hudud hokimi va tarmoq rahbari bilan telefon orqali muloqot qilishdan boshlaydi. Eksport va turizmni rivojlantirish, biznes kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilinadi.

O‘z navbatida, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida borishi shart.

Yig‘ilishda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va uning diplomatik missiyalarining daxldor vazirlik hamda idoralar, mahalliy ijro organlari bilan o‘zaro idoralararo munosabatlarining aniq va samarali tizimini shakllantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident tizimli va aniq targ‘ibot-tashviqot ishlari, ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. Xorijiy sheriklar haligacha yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlardan, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investitsiya uchun yaratilayotgan qulay, yangi shart-sharoitlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas, dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan Prezident “Jahon” axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda eng ilg‘or texnikalar bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz hamda Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha alohida tuzilma tashkil qilishni taklif etdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, diplomat kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida istiqbolli, o‘z kasbiga sodiq va professional yosh kadrlar tayyorlash sifatini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Belgilangan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar muvaffaqiyatining muhim sharti ekani ta’kidlandi.