O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati 12-yanvardan tizimli ravishda matbuot anjumanlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov 12-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ilk matbuot anjumani ochilishida ma’lum qildi.

Komil Allamjonov.
Kadr: “O‘zbekiston 24”

Bugundan boshlab O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati tomonidan, Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g‘oyasi asosida, davlat va jamiyat hayotiga oid dolzarb masalalar yuzasidan tizimli ravishda matbuot anjumani va brifinglar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Har bir vazirlik va idoraning rahbarlari, ularning matbuot kotiblari mana shu yerda Prezident tomonidan qabul qilingan qaror, farmon, hujjatlar asosida matbuot anjumanlari o‘tkazadi.

Komil Allamjonov, Prezident matbuot kotibi

Prezident matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan birinchi matbuot anjumanida bosh vazir o‘rinbosari Suhrob Xolmurodov chiqish qilmoqda. Anjumanni Prezident matbuot xizmatining Facebook’dagi sahifasida va “O‘zbekiston 24” telekanali orqali jonli efirda namoyish etilmoqda.