Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tadbirlar rejasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Islamkarimov.uz”

Mazkur tadbirda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Asadjon Xo‘jayev va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Jumladan, yanvar oyida Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasining va Qarshi shahrida Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyati haqidagi hujjatli film yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida “Mening Birinchi Prezidentim” shiori ostida xotira aksiyasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.