2017-yilning oktabr va dekabr oylarida Yoshlar ittifoqining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida hamda “Xabar.uz” saytida Toshkent shahrida joylashgan bir qancha vaqtinchalik, bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari bo‘yicha, xususan, Yashnobod tumanida joylashgan byuroda Yashnobod tumani IIB xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan noo‘rin xatti-harakatlar sodir etilayotgani haqida maqolalar chop etilgan edi. Toshkent shahar IIBB bu borada rasmiy axborot berib, bunday harakatlar sodir etilganini inkor qildi.

Foto: IIV

“Ushbu ma’lumotlarda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi”, — deyiladi xabarnomada.

“Yuqorida qayd etilgan ikki internet nashrdagi xabarlar bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir va Yashnabod tumani IIB xodimlari tomonidan poytaxtimizga pul topish maqsadida kelgan respublikamiz fuqarolariga nisbatan ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan go‘yoki o‘tkazilayotgan tazyiq hamda fuqarolarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish kabi holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi”, — ta’kidlanadi bayonotda.

Shuningdek, bu borada mavjud uchta videoyozuvda so‘zlagan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ular bilan xavfsizlik xizmati xodimlari suhbatlashdi. O‘tkazilgan suhbat davomida videoyozuvlardagi ayol kishi o‘z intervyusida bayon etgan ichki ishlar organlari xodimlarining noo‘rin xatti-harakatlari bevosita unga nisbatan sodir etilmagani, bu kabi holatlarni ko‘rmagani, ushbu ma’lumotlarni faqatgina boshqa fuqarolardan eshitgani ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, videoyozuvlardagi erkak kishi keltirib o‘tgan holatlardagi ichki ishlar organlari xodimining shaxsi aniqlanib, surishtiruv davomida fuqaro va xodimning vajlarida qarama-qarshiliklar mavjudligi sababli holatga qonuniy baho berilishini ta’minlash maqsadida to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborildi.

“Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet tarmog‘idagi axborot portallarida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida berilgan ma’lumotlar yuzasidan xolisona tekshiruvlar o‘tkazilishini, har bir xabarning haqqoniyligini, xabar berayotgan fuqarolarning shaxsi atroflicha o‘rganib chiqilishini va yakunida qonuniy baho berilishini kafolatlaydi”, — deb ta’kidlab o‘tdi IIBB vakillari.