O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi o‘zining yangi nashri – TV Park Uz jurnalini ta’sis etdi. “Samarqand darvoza” savdo majmuasida jurnal taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

Taqdimotda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Samandar Hamroqulov, telejurnalistlar Nozima Vohidova, Nilufar Umrzoqova, Gulhida Jo‘rayeva hamda bir qancha OAV xodimlari ishtirok etdi.

Foto: “Daryo”

Taqdimotda ishtirok qilgan “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekovga jurnal haqida savollar bilan murojaat qildi.

Bundan avval ham jurnal taqdimotida ishtirok etganmisiz?

Bu ilk marotaba jurnal taqdimotida ishtirok etishim. To‘g‘risini aytishim kerak, bunaqa sifatli darajadagi jurnal birinchi marotaba chop etilmoqda.

Taqdimotda san’atkor sifatida ishtirok etyapsizmi yoki madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari sifatidami?

Eng avvalo bu yerda “Yoshlar” teleradiokanalining bosh prodyuseri sifatida ishtirok etyapman. Shu jihatdan ham jurnal taqdiri men uchun juda qiziq.

TV Park Uz jurnalining jamoatchilik kengashi a’zolari orasida siz ham bor ekansiz, haqiqatan ham jurnal tashkil bo‘lishida o‘zingiz ham vaqt topib ishtirok etdingizmi?

Albatta, bu jurnalning tashkil bo‘lishidan boshlab jarayonning ichidaman. Jurnalning shu darajada sifatli bo‘lishi, uni nazorat qilishda, fikrlar berib, hamkorlik qilishda qo‘limizdan kelganicha hissa qo‘shdik. Sizning savolingizga xilma-xil javob bersa bo‘lar ekan. Demak, bugungi jurnalning taqdiri “Yoshlar” telekanali bosh prodyuseri sifatida meni qiziqtirsa, ikkinchi jihati jurnalning tezroq jamiyatga kirib borishida O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov sifatida ishtirokim, umuman O‘zbekistonda madaniyat sohasini rivojlanishiga hissa qo‘shish ma’nosida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ham bu jurnalning taqdiri men uchun qiziq bo‘ldi.

TV Park Uz jurnalining adadi 3 mingta ekan, bu adad kammasmi?

Kam, lekin bu hozircha, jurnal ommalashmaganligi, birinchi qadamimiz bo‘lgani uchun yetarli deb o‘ylayman.