Tobora ommalashib borayotgan kibersportdan 2017-yil davomida kim qancha daromad qildi? “Nuz.uz” nashri e-Sports Earnings portaliga asoslanib, bu savolga oydinlik kiritdi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik kibersportchilar o‘tgan yil davomida jami 1 512 dollar ishlab topgan. Aslida 2017-yil davomida faqatgina ikki nafar o‘zbekistonlik kibersportchiga xalqaro musobaqalarda ishtirok etish nasib qilgan.
Bu ko‘rsatkich bobida o‘zbekistonliklar dunyo reytingida 128 mamlakat orasida 96-o‘rindan joy oldi. Peshqadamlik esa yil davomida 15 million 773 ming 974 dollar ishlab topgan xitoyliklarga nasib qildi. Xitoydan xalqaro o‘yinlarda 990 kibersportchi ishtirok etgan.
Ikkinchi pog‘ona 2 758 sportchisi bilan 14 million 712 ming 508 dollar ishlagan amerikaliklarga nasib qildi. Janubiy Koreyaning 879 geymeri esa jami 12 million 11 ming 167 dollar jamg‘ardi.
Ro‘yxatda rossiyalik kibersportchilar 3,5 million dollar bilan 8-o‘rindan joy olgan. Ukraina esa 11-pog‘ona bilan cheklandi. Qo‘shni qozog‘istonlik 50 kibersportchi 626,5 ming dollar ishlab olgan.
Izoh (0)