Shavkat Mirziyoyevga “O‘zbekkimyomash”ga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik sohasida resurs tejamkor, zamonaviy, unumdorligi yuqori qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish yuzasidan qilinadigan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jumladan, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyatida 2018–2019-yilga mo‘ljallangan, qiymati 32,7 million dollarlik uchta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini 50 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan mashina-traktor parklari, fermer va dehqon ho‘jaliklarini qishloq xo‘jaligi texnikalarining yangi turlari — zamonaviy g‘alla va yem-xashak o‘rish kombaynlari, chigit va g‘alla ekish seyalkalari, yerga ishlov berish, kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bilan ta’minlashdir.
Davlat rahbari loyiha doirasida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari namunalari bilan tanishdi. Jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bugungi kunda, ishlab chiqarayotgan har qanday mahsulot nafaqat ichki bozorni ta’minlashi, balki xalqaro ko‘lamda raqobatbardosh va eksportbop bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Shu yerda “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Texnolog”, “Agregat”, “O‘zKeysmash”, Lemken, “O‘zKlaasagro” korxonalarida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)