O‘qituvchilarni urganidan so‘ng tanilib ketgan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani sobiq hokimi Nosirjon Egamberdiyev o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan. Bu haqda, Sirdaryo viloyati va Sayxunobod tuman hokimliklariga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Nosirjon Egamberdiyev.
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Avvalroq Nosirjon Egamberdiyev 8-yanvar kuni Sayxunobod tumani hokimi lavozimidan ketgani ma’lum bo‘lgan edi. Dastlabki xabarlarda hokim aynan nima sababdan ishdan ketganiga aniqlik kiritilmagan edi.

Nosirjon Egamberdiyev 2016-yil oktabridan beri Sayxunobod tumaniga hokimlik qilib kelayotgan edi. Bungacha, ma’lumotlarga ko‘ra, u Sirdaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Sirdaryo viloyatidagi manbaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 42 yoshli Nosirjon Egamberdiyev 1996-yili Guliston davlat universitetini, 2011-yili Toshkent moliya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchi, moliyachi.

Mehnat faoliyatini Sayxunoboddagi 36-maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. 1998-yili ma’lum muddat Sayxunobod tuman Davlat soliq inspeksiyasining umumiy bo‘limiga rahbarlik qilgani hisobga olinmasa, 1996-yildan 1998-yilga qadar Sayxunoboddagi maktablarda dars bergan.

2002—2003-yillarda Guliston shahar hokimligida, 2003—2010-yillarda esa Sirdaryo viloyati hokimligida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Undan keyingi davrda viloyat ta’lim boshqarmalariga rahbarlik qilgan.

Egamberdiyev 2017-yil sentabrida — Sayxunobod tumanidagi maktab direktorlarini Mustaqillik bayramiga yetarlicha tomoshabin olib kela olmagani uchun haqoratlab, kaltaklayotgani aks etgan video tarqalib ketgach, tanilgan edi.

Vaziyat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tekshiruv olib borgan, dekabr oyida hokimga qarshi ochilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

Hokimga qarshi ilgari surilgan ma’muriy javobgarlik moddalari bo‘yicha Nosirjon Egamberdiyev eng kam ish haqining 40 baravarigacha jarimaga tortilishi, shuningdek, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.