Pxenyan yadroviy maqsadlaridan voz kechmaguncha, prezident Donald Tramp ma’muriyati bundan keyin ham KXDRga bosim o‘tkazadi. Bu haqda 8-yanvar, dushanba kuni AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Shimoliy Koreya yadro va raketa dasturlarini amalga oshirishni to‘xtatmaguncha unga nisbatan o‘z pozitsiyamizni yumshatish niyatimiz yo‘q”, — deya ta’kidlaydi u Dallas radiostansiyalaridan biriga bergan intervyusida.
Pens ta’kidlashicha, Tramp Pxenyanga misli ko‘rilmagan iqtisodiy va diplomatik bosim uyushtirgan. KXDR yetakchisi Kim Chen In Seul bilan muzokaralarni qayta yo‘lga qo‘yishga rozi bo‘lganligi — ana shunday bosimning bevosita natijasi, deb hisoblaydi vitse-prezident.
“Koreya yarimorolini yadroviy qurolsizlantirishga erishamiz”, — dedi Pens.
Izoh (0)