Turkiyaning Belek shahrida yangi mavsumga hozirlik ko‘rayotgan “Paxtakor” o‘zining ilk nazorat o‘yinida maydonga tushdi.
Shota Arveladze jamoasi o‘zidan ancha kuchsiz bo‘lgan Turkiya 3-ligasi vakilini yirik hisobda taslim qildi. Bellashuvda “Lokomotiv”dan qaytib olingan Jaloliddin Masharipov hamda “Nasaf”dan kelib qo‘shilgan Farrux Sayfiyev gol urishga erishdi.
Birinchi bo‘limda “paxtakorchilar” darvozasini Eldor Suyunov qo‘riqlagandi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Aleksandr Lobanov darvozasiga hakamlar 2 ta penalti tayin qilgan bo‘lib, posbon har ikki safar ham o‘zini ko‘rsatgan va to‘pni qaytarib yuborgan.
Ko‘rinishidan, “Paxtakor”ning raqiblari sekin-asta kuchayib boradi. Yilning ilk o‘yinida nisbatan kuchsizroq raqib tanlab olingan. Klub rasmiy saytining ma’lumot berishicha, “Paxtakor” 11-yanvar kuni endi Turkiya 2-ligasi vakili hisoblangan “Shanliurfaspor” klubiga qarshi maydonga tushadi.
O‘rtoqlik o‘yini Belek, Turkiya 7-yanvar, yakshanba
“Turgutluspor” — “Paxtakor” 0:3
Gollar: Vladimir Kozak, 12 (0:1). Jaloliddin Masharipov, 13 (0:2). Farrux Sayfiyev, 84 (0:3).“Paxtakor” 30-yanvar kuni Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olish uchun Qatarning “Al-Garafa” klubiga qarshi safar o‘yinida ishtirok etadi.
Izoh (0)