Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev ishdan olindi. Bu haqda, bir nechta mustaqil axborot manbalariga asoslanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

2016-yil oktabridan beri Sayxunobod tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Nosirjon Egamberdiyev 8-yanvar kuni ishdan bo‘shatilgan. Uning o‘rniga shu vaqtgacha viloyatning Mirzaobod tumaniga rahbarlik qilib kelgan Botir Mirzaqulov Sayxunobod hokimi etib tayinlangan.

Hozircha ushbu axborot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q. “Kun.uz” xabarida Egamberdiyev aynan nima sababdan ishdan olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Nosirjon Egamberdiyev kim?

Nosirjon Egamberdiyev 2016-yil oktabridan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga hokimlik qilib keladi. Bungacha Sirdaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasiga rahbarlik qilgan. U haqdagi rasmiy ma’lumotlar shu bilan tugaydi — u qachon tug‘ilgan, qayerlarda ishlagan — ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q. Sayxunobod tumani hokimligining o‘z sayti yo‘q, Sirdaryo viloyati hokimligi sayti esa tuman hokimining surati va qabul kunlari haqidagi ma’lumot bilan cheklangan.

Nosirjon Egamberdiyev.
Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Egamberdiyev 2017-yil sentabrida — tumandagi maktab direktorlarini Mustaqillik bayramiga yetarlicha tomoshabin olib kela olmagani uchun haqoratlab, “Vataning mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi?” deya baqirib, kaltaklayotgani aks etgan video tarqalib ketgach, yilning eng taniqli o‘zbek amaldorlaridan biriga aylandi (prokuratura tekshiruvi ma’lumotlarida bu holat “Mustaqillik bayramiga qo‘l ostidagi xodimlarni madaniy hordiq chiqarish uchun olib kelmagan ta’lim muassasalari rahbarlarini haqoratlab, ularga qo‘l tekkizish” deb ta’riflangan).

Video e’lon qilingan kuniyoq Sayxunobodda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan, unda Egamberdiyev qilgan ishi uchun o‘qituvchilardan uzr so‘ragan. Vaziyat yuzasidan prokuratura tekshiruv boshlagan, viloyat hokimi esa ish uzr bilan bitmasligi, Egamberdiyev masalasi paxta yig‘im-terimidan keyin ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.

Yangi yil bayrami arafasida Nosirjon Egamberdiyevning ishi sudga oshirilgani, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) va 183-moddasi (mayda bezorilik, ya’ni, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish) bo‘yicha ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, Egamberdiyev uning nomaqbul harakatlarini videoga olib, uning tanilib ketishiga sababchi bo‘lgan Sayxunobod sanoat kasb-hunar kolleji direktori Komiljon Rahmonov ustidan prokuraturaga shikoyat qilgani, prokuratura hokimning arizasi asosida Rahmonovga nisbatan “fuqaroga ma’naviy va moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish” moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘agani ma’lum.

Prezident siyosatiga qarshilar

Egamberdiyevning ishi sudga oshirilgani ma’lum bo‘lguniga qadar jamoatchilik Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayevning yomon ma’noda tanilib, so‘ng jazolanishiga ham guvoh bo‘lib ulgurdi. Hokim Rahmatullayevning dastlab shahardagi kollej direktorlarini, keyinroq mahalla faollarini haqoratlayotgani yozilgan audiolar OAVda e’lon qilindi. Prokuratura birinchi holat bo‘yicha tekshiruv olib borib, ishni sudga oshirdi va yakunda Rahmatullayev eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgani ma’lum bo‘ldi.

Hokimlarning zo‘ravonligi va tiliga erk berishi bilan bog‘liq bunday holatlari jamoatchilik tomonidan keskin qoralandi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa qo‘l ostidagi xodimlarni haqorat qiladigan rahbarlarni “Prezident siyosatiga qarshilar” deb atagan edi. Oliy Majlisga Murojaatnomasida esa Prezident shunday savol bilan o‘rtaga tashlagan edi: “Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga?”.