O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov jami besh nafar sportchini futboldan umrbod chetlashtirdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: “Championat.asia”

O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar termalaridagi o‘yinlari bilan tanilgan Abdumutal Abdullayev bir umr futbolsiz qoladigan bo‘ldi. U 2008-yil U16 hamda 2011-yil U19 Osiyo Chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan. Bunda uning 1992-yil 19-sentabrda dunyoga kelgani ko‘rsatilgan.

Aslida esa futbolchining haqiqiy ism-sharifi Nodir Teshaboyev bo‘lib, u 1989-yilning 4-oktabr kuni tug‘ilgan bo‘lgan va buni futbol jamoatchiligidan yashirishga harakat qilgan.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi safida 2010-yilgi qit’a chempionatida to‘p surgan Muhammadjon Abdullayevning ham shaxsi aniqlandi. Toshkent mezbonlik qilgan turnirga u 1994-yilda tug‘ilgan deb ro‘yxatga olingan. Haqiqiy ismi Rasuljon Abdullayev bo‘lgan futbolchi esa aslida 1991-yilning 23-noyabrida tug‘ilgandi, deyiladi O‘FF xabarida. U so‘nggi vaqtlarda “Xotira—79” safida to‘p surib kelayotgandi.

Endi esa ommaga Ulug‘bek Davlatov bo‘lib tanilgan yigit bilan tanishing. U ko‘rsatilgani kabi 1996-yilda tug‘ilmagan. Haqiqiy ismi Nuriddin Hasanov bo‘lgan futbolchi 1994-yilning 20-iyul kuni dunyoga kelgan. Yoshini kichiklashtirish orqali 2012-yilgi Osiyo Chempionatida o‘ynagan, bir yil o‘tib o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon Chempionatiga borib kelgan. “Surxon” safida o‘ynab kelayotgan bu futbolchiga ham endi millionlar o‘yinida joy yo‘q.

2012-yilgi Osiyo Chempionatida Dilshod Nuraliyev boshqaruvidagi jamoa chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Bu jamoada Davlatovdan tashqari Zokir Ahmadaliyev kabi “o‘qlangan” futbolchi ham bo‘lgan. Asl ismi Dilshod Ahmadaliyev bo‘lgan futbolchi aslida 1994-yilda tug‘ilgan, biroq hammani 1996-yilman deb ishontirgan.

Shuningdek, Burxon Hasanov otliq “Buxoro” klubining yoshlarida o‘ynaydigan futbolchi aytilgani kabi 2000-yil emas, balki 1998-yil tavallud topgan bo‘lib chiqqan.

O‘FF doimiy ravishda futboldagi g‘irromliklar, yosh kichraytirishlar va hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq holatlarga qarshi kurash olib boradi. Shubhali ko‘ringan har bir futbolchini shaxsan o‘zim tekshiraman. Agar qonunbuzarliklar aniqlansa, qat’iy jazolanadi. G‘irrom futbol bizga kerak emas.

O‘z yoshini kichraytirib, chet elda to‘p surib yurgan futbolchilar haqida ham menda barcha ma’lumot bor. Tez orada ular ham ma’lum qilinadi va tegishli choralar ko‘riladi.

Shuningdek, futbolchilarni chet davlatlarga sotish bo‘yicha qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan, katta pul ishlash maqsadida, futbolchini g‘irromlik ko‘chasiga yetaklagan futbol agentlari haqida ma’lumotlar to‘plandi. Ular ham tez orada federatsiya rasmiy saytida e’lon qilinadi va tegishli jazolar tayinlanadi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Foto: “Championat.asia”

Avvalroq Umid Ahmadjonov hujjatlarni qalbakilashtirish bilan shug‘ullangan futbolchilar ishini Adliya vazirligi o‘rganib chiqishni boshlagani haqida aytib o‘tgandi. Ko‘p o‘tmay, ilk “qaldirg‘ochlar” ushlandi hamda futboldan umrbod ketkazildi. O‘FFdagi ishonchli manbaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, tez orada ko‘pchilikni hayron qoldiradigan yana bir xabar e’lon qilinadi.