Lionel Messining “Barselona” bilan imzolangan yangi — 4 yillik kelishuvida Kataloniya mustaqilligi bo‘yicha alohida band bor ekani aniqlandi. Bu haqda “Chempionat” Ispaniyaning El Mundo nashriga asoslanib xabar berdi.
2017-yil imzolangan shartnomaga ko‘ra, Messining tovon puli 700 million yevro etib belgilangan. Ya’ni, “PSJ”ga o‘xshash biror bir klub futbolchini shartnomasi bor yoki yo‘qligiga qaramay o‘z safiga o‘tishga ko‘ndira olsa, “Barselona”ga shu pulni to‘lab, uni olib ketishi mumkin.
Biroq bunda birgina istisno holat bor. Unga ko‘ra, Messi kuchli beshlikda to‘p surishni istaydi. Agar Kataloniya mustaqil bo‘lib, “Barselona” kuchli beshliksiz qolsa, Messi hech qanday tovon pulisiz “Barselona”ni erkin agent sifatida tark etishi mumkin. Shartnomada ko‘rsatilishicha, Kataloniya mustaqil bo‘lgan taqdirida ham “Barselona” yo Ispaniya La Ligasidagi ishtirokini davom ettirishi kerak yoki Angliya, Germaniya, Fransiya chempionatlaridan biriga ko‘chib o‘tishi shart. Qolganiga Messi rozi bo‘lmaydi.
Avvalroq “Barselona” prezidenti Jozep Bartomeu Kataloniya mustaqilligi uchun kurash ishtirokchilarini klub tomonidan moliyalashtirishga qarshi chiqib, referendum uchun pul ajratmasligini ma’lum qilgani borasida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Izoh (0)